Clinics and Pharmacies

"World2Fly" aviakompaniyasi O‘zbekistonga charter reyslarini yo‘lga qo‘ydi

Joriy yilning 23-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:38da Ispaniyaning "World2Fly" aviakompaniyasining bortida 285 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan samolyoti Madrid-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk charter reysini amalga oshirdi.

An’anaga ko‘ra, samolyot suv arkasi bilan kutib olindi, ekipaj a’zolari va birinchi yo‘lovchilar, jumladan, Toshkentga yetib kelgan Ispaniyaning yirik sayyohlik agentliklari, jurnalist va blogerlar poytaxt aeroportining kelish zalida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Birinchi reysni tantanali kutib olish marosimida “Uzbekistan Airports” kompaniyasi, Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Madrid — Toshkent — Madrid yo‘nalishi bo‘yicha charter reyslar Airbus A330-300 samolyotlarida ikki haftada bir marta amalga oshiriladi. Shuningdek, aviakompaniya Madrid — Urganch — Madrid yo‘nalishida ham xuddi shunday chastotada parvozlarni amalga oshirishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda charter reyslar iyun oyi oxirigacha davom etadi va 2024-yil sentabrdan oktyabrgacha qayta tiklanadi.

"World2Fly" — 2020-yilda tashkil etilgan ispan aviakompaniyasi bo'lib, bosh qarorgohi Palma-de-Malyorkada (Ispaniya) joylashgan.

23 May, 2024