Toshkent aeroportida yuk kechikishi yuzasidan rasmiy xabar
Bir qator ommaviy axborot vositalari va Telegram messenjerining ommabop kanallarida “Toshkent” xalqaro aeroportining uchib kelish zalida bagaj aravachalari va katta hajmdagi yuklar bilan odamlar to‘planib turgani aks etgan video tarqaldi. Video so‘nggida yo‘lovchilardan biri hushidan ketgani boshqa yo‘lovchilar va aeroport xodimlarini xavotirga solgan.
Shuni ta'kidlaymizki, yo'lovchilarning to'planib turishi aeroportda yuklarning kechikishi bilan bog'liq emas. Istanbul – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-272 reysi Toshkent vaqti bilan soat 19:04 da poytaxt aeroportiga qo‘ndi. Samolyotdan yuklarni tushirish 19:23 da boshlanganh. Shunday qilib, bagajlar o'z vaqtida yo'lovchilarga yetkazilgan.
Yo'lovchilarning to'planib qolishi bagajlar olingach bojxona nazoratiga o'tish joyida kuzatilgan. Tegishli xizmatlar maʼlumotlariga koʻra, bojxona qoʻmitasi xodimlari tomonidan fuqarolarga bir necha bor qonun hujjatlari boʻyicha tushuntirishlar berilganiga qaramay, koʻp miqdorda yuki boʻlgan bir necha yoʻlovchilar tijorat maqsadida olib kelingan tovarlarni bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirishdan bosh tortgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik maqsadida tovarlar olib kirilayotganda bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qo‘llaniladi. Tijorat maqsadlari uchun moʻljallangan tovarlar yuk bojxona deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi va bojxona toʻlovlari belgilangan bojxona stavkalari boʻyicha undiriladi. Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlarga nisbatan soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi qo‘llaniladi.
Uchib kelish zalida hushidan ketgan ayolga aeroport tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Dastlabki xulosaga ko'ra ayolning hushdan ketishiga uning sog‘lig‘idagi muammolar sabab bo‘lgan.
31 May, 2024