Clinics and Pharmacies

Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida Toshkent aeroportida bolalar uchun ekskursiya tashkil etildi

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkent aeroportida transport sohasi va aeroport xizmatlari xodimlarining farzandlari uchun ekskursiya tashkil etildi. Aeroport va “O‘zaeronavigatsiya” markazi xodimlari bolalarga mamlakatning asosiy aeroporti qanday faoliyat olib borishi haqida so‘zlab berishdi.

Ekskursiyaning birinchi bosqichida bolalar ATR-72 va L-410 samolyotlari hamda vertolyot bilan tanishdilar. Yosh tashrif buyuruvchilarga samolyotlar, ular qanday qilib uchishi va qo‘nishi haqida so‘zlab berildi, uchuvchilar kabinasi, saloni va bagaj ortish joylari ham ko‘rsatildi. Ekskursiyaning ikkinchi muhim nuqtasi aeroportning yuragi – boshqaruv minorasi bo‘lib, u yerda bolalarga samolyotlar osmonda va yerda qanday boshqarilishi haqida so‘zlab berildi.

“Bolalar bugun juda xursand bo'lishdi. Ularning barchasi biroz orzu qilishga ham ulgurishdi, kimdir o'zini uchuvchi, kimdir bort kuzatuvchisi, kimdir esa samolyotlar harakatini boshqarishni xohladi. Bugun ular nafaqat samolyot kabinasida o'tirishdi, balki parvoz balandligidan turib uchish va qo'nishlarni, havo harakatini nazorat qiluvchilarning qanday ishlashini ko'rish, nima uchun ularning ishi aeroportdagi eng muhimlaridan biri ekanligini bilish baxtiga muyassar bo'lishdi va oʻnlab savollar berishdi”, - deya izoh berdi "Uzbekistan Airports" matbuot xizmati.

An'anaga ko'ra, ekskursiya "Uzbekistan Airports" tomonidan iyun oyida bolalar uchun o'tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarning birinchisi bo'ldi.

02 Jun, 2024