Yoz mavsumida meva, sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini samolyotda tashish qoidalari
Yoz mavsumida meva, sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini samolyotda: qo'l yukida yoki bagajda qanday tashish kerakligi haqida savollar ko'payadi. Nazorat qiluvchi organlar yoki aviakompaniyalar tomonidan qanday cheklovlar bor? Shu haqida ma'lumot beramiz.
Siz rezavorlar, mevalar va sabzavotlarni qo'l yuki hamda bagajda olib o'tishingiz mumkin. Shu bilan birga, barcha tez buziladigan mahsulotlarni qo'l yukida tashish tavsiya etiladi, chunki ko'pchilik aviatashuvchilar o'z qoidalariga ko'ra, ushbu mahsulotlar yo'lovchilar bagajida buzilmagan holatda tashilishi uchun javob bermaydilar.
Go'sht va go'sht mahsulotlari (kolbasa, qazi, ruletlar va boshqalar) vakuumli qadoqlarga oldindan joylashtirilgan bo'lishi kerak. Shuningdek, meva, sabzavot va rezavorlarni qo'l yukida, qulay qadoqda plastik savat yoki qopqoqli idishlarda tashish maqsadga muvofiq bo'ladi. Non (patir) polietilen yoki mato xaltalarda tashilishi mumkin. Ammo ziravorlarni bagajingizda olib yurish yaxshiroqdir, chunki bu mahsulotlar o'tkir hidga ega. Spirtli ichimliklar va boshqa ichimliklarni faqat bagajda tashishga ruxsat beriladi. Bunday holda, ichimliklarni avval polietilenga, keyin yumshoq materialga (masalan, sochiq ichiga) o'rash lozim. Ichimliklarni chamadon ichida boshqa buyumlar orasiga qo'ying, shunda shisha idishlar tashish paytida chamadonda bir holatda turishi ta'minlanadi.
Bundan tashqari, agar yo'lovchi qo'l yukida oziq-ovqat olib ketayotgan bo'lsa, har bir aviakompaniyaning o'z qoidalari va standartlari borligini yodda tutish kerak. Agar konteyner qo'l yukining ruxsat etilgan o'lchamlaridan oshib ketadigan bo'lsa, uni plastik idishga, yog'och qutiga yoki qalin karton qutiga mahkam o'rash va bagaj sifatida topshirish lozim bo'ladi.
Qonun hujjatlarida O‘zbekiston aeroportlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini olib chiqish yuzasidan to‘siqlar mavjud emas, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori ayrim turdagi tovarlarni olib chiqish ruxsat etilgan me’yorlardan ortiq bo‘lgan va eksport (keyinchalik qayta sotish uchun) deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan hollar bundan mustasno. Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlarini olib chiqishda aviakompaniya qoidalari, shuningdek, boradigan mamlakat qonunchiligi bilan oldindan aviakompaniya veb-saytida yoki boradigan mamlakatning tegishli manbalarida tanishib chiqish tavsiya etiladi.
03 Jul, 2024