Toshkent xalqaro aeroporti kassalarida endilikda 15 ta aviakompaniya chiptalarini xarid qilish mumkin
Toshkent xalqaro aeroportining ikkinchi qavatida, jo‘nab ketish zalining VIP va CIP zallari yonida joylashgan kassada endilikda 15 ta aviakompaniya chiptalarini xarid qilish mumkin. Bular, “Uzbekistan Airways”, “Silk Avia”, “Centrum Air”, “Qanot Sharq”, “Air Samarkand”, “Turkish Airlines”, “Asiana Airlines”, “Lot Airlines”, “Belavia”, “Air Astana”, “Aeroflot”, “Ural Airlines”, “S7”, “Red Wings”, “Utair” aviakompaniyalaridir. Avvallari aeroportda faqat “‘Uzbekistan Airways” aviachiptalarini xarid qilish mumkin edi.
Bundan tashqari, kassada yoʻlovchilar “Uzbekistan Airways”, “Silk Avia”, “Centrum Air”ning qoʻshimcha xizmatlari uchun haq toʻlashlari mumkin. Ya'ni, aviachiptalarni xarid qilishdan tashqari, chiptalarni qayta bron qilish va qayta rasmiylashtirish, xizmat ko'rsatish klassini ko'tarish yoki tushirish, ortiqcha va maxsus bagaj, shu jumladan, o'simlik va hayvonlarni tashish uchun to'lovlarni amalga oshirishlari mumkin.
Shuningdek, bu yerda “Fast Track” va aeroportning yuqori qulaylikdagi “CIP Lounge” va Anor zallari xizmati uchun toʻlovni amalga oshirish mumkin.
Toshkent aeroportidagi chiptalar kassasi haftasiga yetti kun, 24 soat ishlaydi. Savdo ofisi xizmatlaridan foydalanishni xohlovchi yo'lovchilar shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishlari kerak. Qo'shimcha ma'lumot uchun quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qiling: +998-55-501-45-55.
05 Jul, 2024