“Toshkent-3” terminalida yuklarni qadoqlash xizmati va yo'lda ovqatlanish mashinalari paydo bo‘ladi
"Uzbekistan Airports" boshqaruv kompaniyasi E-auksion.uz elektron platformasida Toshkent aeroportining ichki aviaqatnovlar terminalida joy ijarasi uchun bir nechta lotlarni joylashtirdi.
Texnik shartlarga ko'ra, yuklarni qadoqlash xizmatlarini ko'rsatish (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=10366904) nuqtasi mahalliy aviaqatnovlar terminalining ro'yxatdan o'tish zonasida 6 kv.m maydonda joylashadi. Lotning boshlang‘ich qiymati yiliga 180 million so‘m.
Shuningdek, “Toshkent-3” terminalining avtoturargohida "food-track" formatida ikkita oziq-ovqat shoxobchasini tashkil etish uchun har biri 8 kv.m bo‘lgan joylar kimoshdi savdosiga qo‘yildi. LOT-1 (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=10377162), LOT-2 (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=10377161)
Texnik shartlarga ko‘ra, potentsial g‘oliblar o‘zlarining brendlashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalari tarmog‘iga ega bo‘lishi va ushbu sohada kamida 3 yillik amaliy tajribaga ega bo‘lishi kerak. Har bir lotning boshlang‘ich qiymati yiliga 96 million so‘m etib belgilangan.
Ushbu auksionlar 2024-yil 1-avgust kuni E-auksion.uz elektron platformasida bo‘lib o‘tadi. Eslatib o‘tamiz, auksionda ishtirok etuvchi kompaniyalar texnik shartlarga mos kelishi kerak. Ijarachilarga qo'yiladigan talablar va boshlang'ich narxlar E-auksion veb-saytida lot ostida joylashtirilgan. Kim oshdi savdosi qoidalariga ko'ra, dastlabki yillik summalar savdo davomida kamida 10% ga oshishi mumkin.
19 Jul, 2024