“Uzbekistan Airports” kompaniyasi Urganch aeroportini DXSh modeli asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tender e’lon qildi
O‘zbekiston Respublikasi hukumati “Uzbekistan Airports” AJ, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati “Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish” loyihasini “Qurish-foydalanish-topshirish” (Build-Operate-Transfer, BOT) modeli asosida amalga oshirish boʻyicha tenderning birinchi bosqichini eʼlon qiladi. Shu kabi loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega barcha manfaatdor kompaniyalar tenderda ishtirok etishga taklif qilinadi.
Hujjatlarni topshirish qoidalari (https://uzairports.com/blog/143) bilan uzairports.com rasmiy veb-saytida tanishish mumkin. Dastlabki malaka so‘rovi bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddati – 2024-yil 14-sentabr, Toshkent vaqti bilan soat 18:00.
Bugungi kunda Urganch aeroportiga 8 ta aviakompaniya muntazam va 40 ga yaqin aviakompaniyalar charter reyslarni amalga oshirmoqda. 2023-yilda aeroport 590 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024-yilda yo‘lovchi tashish hajmi 17 foizga o‘sishi kutilmoqda. Dastlabki prognozlarga ko'ra, DXSh amal qilishi davrida yo'lovchi tashish hajmi yiliga o'rtacha 7,5 foizga o'sib borishi prognoz qilinmoqda.
05 Aug, 2024