Toshkent aeroportida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi tantanali ravishda kutib olindi
Toshkent vaqti bilan soat 21:13da “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi samolyoti kechagina 33-yozgi Olimpiya o‘yinlari yakunlangan Parijdan poytaxt aeroportiga uchib keldi. Havo kemasida uchib kelgan olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari va murabbiylar tantanali kutib olindi.
Parijda boʻlib oʻtgan Olimpiada Oʻzbekiston tarixida eng muvaffaqiyatlisi boʻldi – sportchilarimiz 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, 206 ta davlat orasida umumiy medallar hisobida 13-oʻrinni egalladi.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Toshkent aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminalida mutasaddi rahbarlar, murabbiylar, terma jamoa a'zolari yaqinlari va do'stlari ishtirokida sportchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Jamoa aeroportdan maxsus yo'nalish – Bobur, Nukus, Oybek, Sharof Rashidov, Shahrisabz ko‘chalari, Amir Temur maydoni va Islom Karimov shoh ko‘chalari bo‘ylab Milliy olimpiya qo‘mitasiga yo‘l oldi. Shahar ko'chalarida yurtdoshlarimiz Olimpiada g‘oliblarini olqishlash imkoniga ega bo'ldilar.
12 Aug, 2024