Farg‘ona aeroportining yopilishi yuzasidan rasmiy xabar
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi reyslarining Farg‘ona aeroportidan Namangan va Toshkent aeroportlariga o‘tkazilishi haqidagi ma’lumotlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Farg‘ona xalqaro aeroportida Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaeronavigatsiya” DUK tomonidan zamonaviy uskunalar (uzoq masofali DME/NL2700 radiomayoq va SP-200 radionavigatsiya uskunasi) o‘rnatilmoqda, bu esa aeroportning aeronavigatsiya tizimlari faoliyatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ushbu ishlar aeroport faoliyatini to'xtatish va uni vaqtincha yopish uchun asos bo'lmaydi. Farg‘ona xalqaro aeroporti odatiy rejimda ishlamoqda. Farg‘onaga milliy aviatashuvchidan tashqari “Turkish Airlines”, “Aeroflot”, “Azimut”, “Qanot Sharq”, “Centrum Air”, “Utair”, “Ural Airlines”, “S7”, “Silk Avia” kabi aviakompaniyalar ham parvozlarni amalga oshirmoqda. Ushbu aviakompaniyalar reyslarni ko‘chirish haqida hech qanday ma'lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, yo‘lovchilar reyslar haqidagi dolzarb ma’lumotlarni uzairports.com rasmiy sayti, Telegram boti, shuningdek, +99855 501 45 55 telefon raqami orqali Aloqa markazidan olishlari mumkin.
06 Dec, 2023