Navoiy aeroportida zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha taktik-o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazildi
2024-yil 22-avgust kuni Navoiy xalqaro aeroporti hududida zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha boshqaruv xodimlari va fuqaro muhofazasi bo‘linmalarining tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. O‘quv mashg‘ulotlari Navoiy viloyati favqulodda vaziyatlar davlat tizimining fuqaro muhofazasi tuzilmalari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbir doirasida Nurota viloyatida 6-7 magnitudali zilzila yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat ehtimol qilindi. Shundan so‘ng, vaziyat yuzasidan darhol tegishli xizmatlarga xabar berildi va dispetcherlik xizmatlari barcha harakatlarni muvofiqlashtirishga kirishdilar. Zilzila natijasida elektr simlari uzilib, yong‘in kelib chiqadi. Aeroportning avariya-qutqaruv xizmati xodimlari yong‘inni o‘chirish, jabrlanganlarni evakuatsiya qilish va ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, obyektda xavfsizlikni ta’minlash ishlarini tashkillashtirishdi. Mashqlarning barcha bosqichlari puxta ishlab chiqildi va ularning yakunida barcha harakatlar batafsil tahlil qilindi.
Mashg‘ulotlarda 137 nafar kishi va 21 dona texnika, jumladan aeroport xodimlari va Navoiy viloyatining favqulodda vaziyatlarda o‘zaro hamkorlikda ishlaydigan xizmatlari ishtirok etdi. O‘quv mashg‘ulotlari yakunlariga ko‘ra, Navoiy xalqaro aeroportining fuqaro muhofazasi tizimlari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini samarali bartaraf etishga to‘liq tayyor deb e’tirof etildi.
22 Aug, 2024