Toshkentda aeroportlar xodimlari o‘rtasida yong‘inga qarshi sport turlari bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston aeroportlari parvozlarni qidiruv va avariya-qutqaruvini ta'minlash xizmatlari jamoalari o‘z sohasining eng yaxshisi nomi uchun bellashdi. Kuni kecha O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi kubogi uchun o‘t o‘chirish sporti bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada respublikamizdagi o‘nta aeroportning jamoalari o‘zaro bahslashdi. Sportchilar 100 metrga to‘siqlar bilan yugurish, o‘quv minorasi qavatlariga narvonlarda ko‘tarilish, o‘t o‘chirish estafetasi, shuningdek, jangovar shaylik bo‘yicha kuch sinashishdi.
“Bu musobaqalar nafaqat an’ana, balki korporativ madaniyatning muhim elementi bo‘lib, aviatsiya sohasida xavfsizlik qanchalik muhimligini ko'rsatadi. Barcha ishtirokchilar o‘z sohasining professionali ekanligini isbotlashdi. Yigitlar har yili ko'plab yo'nalishlarda rekord o'rnatadilar. Yildan yilga tezroq, kuchliroq, bardoshli va tajribali bo'lish uchun har bir kishi o'z ustida qanday ishlashini kuzatish juda qiziq. Zero, favqulodda vaziyat vaqtida voqealar qanday rivojlanishi ularning mahorati, reaksiyasi va muvofiqlashtirilgan tarzda harakatlanishiga bog‘liq”, — dedi “Uzbekistan Airports” parvozlarni qidiruv va avariya-qutqaruv ta'minlash bo‘limi boshlig‘i Qahramon Rasulov.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, jamoaviy bahslarda o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
1-o‘rin – Navoiy xalqaro aeroporti,
2-o‘rin – Toshkent xalqaro aeroporti,
3-o‘rin – Urganch xalqaro aeroporti.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga kubok, medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
29 Aug, 2024