Respublika aeroportlarida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi arafasida respublikamizning barcha aeroportlarida xodimlar uchun ma’naviy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Toshkent aeroportida siyosiy muloqot tarzidagi uchrashuvda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi siyosiy sharhlovchisi Qobilbek Karimbekov ishtirok etdi. Tadbirda “Uzbekistan Airports” kompaniyasi xodimlariga Konstitutsiyamizning qabul qilinishi tarixi haqida so‘zlab berildi, uning rivojlanish jihatlari, kiritilgan qo‘shimchalar, shuningdek, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotini ta’minlovchi asosiy hujjatning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
“Toshkent” xalqaro aeroporti xodimlari uchun uchrashuvni siyosatshunoslik yoʻnalishi boʻyicha falsafa fanlari doktori Mahfuza Yoʻldosheva oʻtkazdi. U ham Konstitutsiyaga referendum natijasiga koʻra kiritilgan o‘zgartirishlar va ushbu hujjatning O‘zbekiston fuqarolari uchun ahamiyatini tushuntirib berdi.
“Uzbekistan Airports Handling” korxonasi xodimlari uchun tashkil etilgan tadbirga siyosiy fanlar doktori, sotsiolog, siyosiy ekspert va MDH davlatlari bo‘yicha tahlilchi Sayfiddin Jo‘rayev oʻz ma’ruzasi bilan soʻzga chiqdi. Shuningdek, bayram munosabati bilan kompaniya rivojiga hissa qo‘shgan xodimlar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
17 Dec, 2023