Clinics and Pharmacies

“Uzbekistan Airports” va Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi

2024-yil 27-sentabr kuni Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida “Uzbekistan Airports” va institut rahbariyati o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilingan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (MDIS) rektori Ilhom Mamatqulov institut tarixi, amalga oshirilayotgan ishlar va rejalashtirilgan loyihalar haqida so’zladi. “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev institut tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, mamlakatimiz aeroportlari faoliyati, aviatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, transformatsiya jarayonlari, aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish loyihalari haqida gapirdi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha “Uzbekistan Airports” va MDIS o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Institut va boshqaruv kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatorida turli toifadagi xodimlarni MDIS professor-o‘qituvchilari tomonidan o’qitilishini keltirish mumkin. Xususan, aeroport direktorlari va “Uzbekistan Airports”ning turli departamentlari boshliqlarini menejment yo’nalishida, ro‘yxatga olish agentlari va boshqa xodimlarni sohada sifatli xizmat ko‘rsatish va boshqaruv bo‘yicha o‘qitish, shuningdek, “Uzbekistan Airports” tizimida xodimlar uchun yo’lovchilar bilan ishlash bo‘yicha psixologik treninglar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Kelgusida institut bilan birgalikda “Aeroport menejmenti” yo‘nalishi bo‘yicha ham o‘quv dasturlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Tomonlar, shuningdek, qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish, faoliyatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha simpoziumlar, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari tashkil etish, ilmiy-tadqiqot, o‘quv-uslubiy materiallar nashr etish, o‘quv adabiyotlari, amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar bilan almashish, shuningdek, o'zaro axborot almashinuvi bo‘yicha kelishib oldilar.

Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bilan memorandumning imzolanishi aviatsiya sohasi uchun kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish darajasi va sifatini oshirish dasturining bir qismi bo‘lib, ushbu dastur doirasida “Uzbekistan Airports” kompaniyasi Toshkent davlat transport universiteti bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.

27 Sep, 2024