Clinics and Pharmacies

Toshkent aeroportida rejalashtirilgan kuzgi spotting bo‘lib o‘tdi

16-oktabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida "Uzbekistan Airports" kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan sakkizinchi rasmiy spotting-tur o‘tkazildi.

Bu safar rekord miqdorda arizalar qabul qilindi va rekord miqdorda nomzodlar tasdiqlandi. Aviaspottingda O‘zbekistonning turli shaharlaridan, shuningdek, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Fransiyadan kelgan 60 dan ortiq spottorlar qatnashdi. Ishtirokchilar orasida 20 ga yaqin yigit va o‘smirlar bor, bu esa yoshlar orasida spottingning tobora ommaviylashib borayotganidan dalolat beradi.

«Men «Oyonnair» aviakompaniyasida ishlayman va 15 yildan buyon aviaspotting bilan shug‘ullanaman. Bu yillar davomida ko‘plab mamlakatlarni kezdim, o‘nlab aeroportlarni ziyorat qildim va yuzlab samolyot suratlarini oldim. Bu yil mening to‘plamimga O‘zbekistondan yangi ajoyib samolyotlar qo‘shildi: Panorama Airways Jenevada (Shveysariya), FlyKhiva Lionda (Fransiya), Centrum Air Milanda (Italiya) va Uzbekistan Airways Shatoruda (Fransiya). Ammo sizning mamlakatingizda hali ko‘plab qiziqarli samolyotlar bor. Toshkent aeroportiga kirib, mahalliy spotting hamjamiyati bilan ishtirok etganimdan juda xursandman», — deb o‘z hissiyotlarini o‘rtoqlashdi fransiyalik aviaspottor Lyudovik Behler.

Aviaspottorlar tomonidan ushbu kunda Silk Avia, Uzbekistan Airways, MyFreighter, Flydubai, WizzAir, Loong Air, Air Astana, FlyArystan, Utair, Aeroflot va boshqa yo‘lovchi va yuk aviakompaniyalari havo kemalarining uchib qo‘nish suratlari rasmga olindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda birinchi rasmiy aviaspotting 2021-yil 22-oktabrda bo‘lib o‘tdi va bu O‘zbekistonda rasmiy spottinglar faoliyatiga start berdi. Bundan tashqari, 2022-yil 26-yanvarda Aviaspottingni rivojlantirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi, bu hujjat spotting-turlarni o‘tkazishga keng imkoniyatlar yaratib berdi.

17 Oct, 2024