Yo‘lovchiga qo‘l yukini olib o‘tishga rad etish mumkinmi?
Bagaj va qo‘l yukini tashish qoidalari aviakompaniya tomonidan belgilanadi va parvozdan oldin ular bilan albatta tanishib chiqish lozim. Aviatashuvchi o‘zining rasmiy veb-saytida qo‘l yukida nimalarni olib o‘tish mumkin va mumkin emasligini, shuningdek, uning o‘lchamlarini aniq ko‘rsatadi. Asosan, arzon (loukoster) aviakompaniyalar qo‘l yukiga ko‘proq e’tibor berishadi va uning o‘lchamlarini aniqlash uchun yo‘lovchidan qo‘l yuklarini maxsus qurilma - kalibratorga joylashtirishni so‘rashlari mumkin. Agar qo‘l yuki qurilmaning o‘lchov standartlariga to‘g‘ri kelmasa, uni samolyot bortiga olib chiqilishiga rad etilishi mumkin. Bu og‘irlik chegarasidan oshib ketadigan katta o‘lchamdagi qo‘l yuki yoki nogabarit qo‘l yuklari uchun ham amal qiladi. Turli aviakompaniyalarda turli talablar amal qiladi, odatda qo‘l yuklari 3 dan 10 kg gacha bo‘lishi talab etiladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, yo‘lovchiga nazoratning har qanday bosqichida, hatto samolyotga chiqish paytida ham qo‘l yukini olib o‘tish rad etilishi mumkin. Samolyotga chiqish - bu tekshiruvlar o‘tkaziladigan aeroportdagi so‘nggi xavfsizlik nazorati nuqtasi. Agar qo‘l yuki talablarga javob bermasa, hatto yo‘lovchi u bilan ro‘yxatga olish va xavfsizlik nazoratidan o‘tib bo‘lgan taqdirda ham, uni aeroportda qoldirish yoki yuk bo‘limiga topshirish talab etilishi mumkin. Shuningdek, bort kuzatuvchilari ham, bunday qo‘l yukini samolyot saloniga kiritishdan bosh tortishlari mumkin.
Agar yo‘lovchi samolyot saloniga qo‘l yuki yoki bagajini olib kira olmasa, muammoni hal qilish uchun bir nechta usul mavjud. Yo‘lovchi ortiqcha buyumlarni maxsus ajratilgan qutilarga tashlashi yoki pullik saqlov xonalariga topshirishi mumkin. Kutish zalida qarovsiz bagaj yoki qo‘l yuki aniqlansa, aeroport xizmati xodimlari huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda tegishli dalolatnoma tuzgan holda ushbu buyumlarni talab qilinmagan bagajlar xonasiga olib boradi. Qoidaga ko‘ra, talab qilinmagan yuklar aeroportda 3 oy davomida saqlanadi, shundan so‘ng o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinadi. Vakolatli shaxs talab qilinmagan yuklarni olishi mumkin. Buning uchun pasport nusxasi, notarial tasdiqlangan ishonchnomani, shuningdek, bortga chiqish talonini yoki yo‘lovchi chiptasini taqdim etishi lozim.
24 Oct, 2024