Clinics and Pharmacies

Toshkent xalqaro aeroportida ilk bor o‘zbek milliy maqom musiqasi yangradi

O‘zbekiston Xalq artisti Abduhoshim Ismoilov rahbarligidagi Yunus Rajabiy nomidagi "Maqom" o‘zbek milliy musiqa ansambli poytaxt aeroportida ilk bor chiqish qildi.

5-dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zalida ilk bor milliy musiqalar yangradi. "Maqom" o‘zbek milliy san’at markazi hamkorligida tashkil etilgan konsertda poytaxtimiz aeroporti yo‘lovchilariga chuqur mazmunga ega, milliy madaniyatni o‘zida mujassam etgan noyob va mukammal musiqa janri taqdim etildi. Konsertdan ko‘zlangan maqsad milliy va mumtoz musiqa madaniyatimizni keng jahonga tarannum etish. Ansambl “Munojot”, “So‘z demay”, “Bo‘lmag‘ay”, “Bo‘ylaringga”, “Sho‘x yallalar”, “Shahloga tushdi”, “Mavrigi”, “O‘xshaydi” kabi mumtoz asarlarni ijro etdi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston xalq va xizmat ko‘rsatgan artistlar Isroiljon Vahobov, Abdunabi Ibrohimov, Matlyuba Dadaboyeva, Ahmadjon Dadayev, Gulbahor Erqulova, Nuriddin Aminjonov o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.

“Bu biz uchun juda qiziqarli tajriba. Biz simfonik va raqs flesh-moblarini o‘tkazdik, bugun aeroportda yo‘lovchilar ilk bor o‘zbek milliy mumtoz musiqasi ostida raqs tushdilar. Maqom bizning buyuk merosimiz bo‘lib, YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgan. Bugun esa nafaqat o‘zbekistonliklar, balki yurtimiz mehmonlari ham bu ajoyib musiqani tinglash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yo‘lovchilar va kuzatuvchilarda ushbu konsert katta taassurot qoldirdi”, — deya izoh berdi "Uzbekistan Airports" matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 6-dekabr kuni poytaxt aeroportida “Maqom” milliy musiqa ansambli ishtirokida navbatdagi konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. Dasturda milliy san’at markazining yosh ijodkorlari hamda markazning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasidan ijrochilar ishtirok etadi.

05 Dec, 2024