Noqulay ob-havo Namangan aeroporti faoliyatini cheklab qo‘ydi
Ko‘rishning yomonligi (250 metr) “Red Wings” aviakompaniyasi reysini Farg‘onadagi muqobil aerodromga yo‘naltirishga sabab bo‘ldi.
Noqulay ob-havo sharoiti tufayli Rossiyaning “Red Wings” aviakompaniyasining Maxachkala — Namangan yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan RA1123 reysi kutish hududida bo‘lganidan so‘ng Farg‘ona xalqaro aeroportiga yo‘naltirildi. Bortida 76 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 10:21 da Farg‘ona aeroportiga qo‘ndi.
Yaqin soatlarda yo‘lovchilar Namangan aeroportiga yer usti transporti orqali yetkaziladi.
“Red Wings” aviakompaniyasining Namangan — Maxachkala yo‘nalishi bo‘yicha RA1124 reysi Farg‘ona aeroportidan amalga oshiriladi. Shuningdek, yo‘lovchilar Namangan shahridan belgilangan aeroportga yer usti transportida yetkaziladi.
14 Dec, 2023