Clinics and Pharmacies

Toshkent aeroportida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Bugun, 14-fevral kuni, Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zalida buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning 542 yillik tavallud kuni munosabati bilan “Siz Boburni bilasizmi?” hamda “Milliy liboslar kuni” fleshmob aksiyalari o‘tkazildi.

Ushbu tadbir Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Milliy liboslarga burkangan aeroport xodimlari, shuningdek, turli oliy ta’lim muassasalari talabalari Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan viktorina savollarini tayyorlab, yo‘lovchilarga murojaat qilishdi.

Savollarga to‘g‘ri javob bergan yo‘lovchilarga oldindan tayyorlangan kitoblar sovg‘a qilindi. Shuningdek, xorijiy mehmonlar va sayyohlarga Boburning boy merosi, uning jahon tarixidagi o‘rni va ma’naviy-ma’rifiy ta’siri haqida so‘zlab berildi.

Xorijiy sayyohlar milliy liboslarimizning nafisligi va Bobur haqidagi hikoyalarga katta qiziqish bildirishdi. Ular ushbu unutilmas lahzalarni suratga olib, o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdilar.

14 Feb, 2025