Toshkent aeroportida qidiruv-qutqaruv mashg‘ulotlari o‘tkazildi
Toshkent xalqaro aeroportida havo kemasi favqulodda qo‘ngan vaziyatlarda qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Ssenariyga ko‘ra, bortida 40 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan samolyot favqulodda qo‘nish chog‘ida o‘ng dvigatelda yong'in chiqqan va samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan. Ekipajdan favqulodda signalni olgandan so'ng, dispetcher darhol barcha tegishli xizmatlarni ogohlantiradi. Voqea joyiga zudlik bilan aeroportning avariya-qutqaruv bo'linmalari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati tarkibiga kiruvchi tashkilotlar yetib keldi.
“Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda aeroportning bir qator xizmatlari, shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, 85 kishi, 9 dona maxsus texnika va Tu-154 o‘quv samolyoti ishtirok etdi. Tibbiy va qutqaruv guruhlari jabrlanganlarni evakuatsiya qilib, ularga zarur yordam ko‘rsatdi, o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishdi, aeroport xodimlari esa yo‘lovchilar va ekipaj sifatida harakat qilishdi. Belgilangan vaqt ichida barcha harakatlar aniq bajarildi: yong'in 5 daqiqada o'chirildi va barcha "jabrlanganlar" havfsiz joylarga zudlik bilan evakuatsiya qilindi.
Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi O‘zbekiston yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati tashkilotlari va Toshkent aeroporti bo‘linmalari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni takomillashtirish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlarini olib borish sohasida xodimlarning kasbiy tayyorgarligini oshirishdan iborat.
13 Mar, 2025