Clinics and Pharmacies

Korrupsiyaga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi

Toshkent xalqaro aeroportida “Uzbekistan Airports” AJ hamda Transport prokuraturasi rahbariyati ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi choralar va qonun hujjatlariga rioya etish” mavzusida yig‘ilish tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori Ikrom Narimov o‘z nutqi bilan boshlab berdi hamda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida keskin o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani va yangi qonun hujjatlari tatbiq etilayotgani haqida so‘z yuritdi.

Hozirgi kunda yurtimizda davlat idoralari va aholi o‘rtasida muloqotni rivojlantirish, aholining dolzarb muammolarni aniqlash va hal qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlab o‘tildi. O‘zgarishlarni to‘g‘ri tatbiq qilish va turli xil suiiste’molchiliklarni oldini olish maqsadida esa korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi davlat dasturlari ishlab chiqilmoqda.

Mazkur davlat dasturlarini hayotga tatbiq qilishda barcha tizim rahbarlari oldiga qo‘yilgan vazifalar hamda shaxsiy mas’uliyat borligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Tadbir so‘ngida “Uzbekistan Airports” AJ va unga qarashli tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni takomillashtirish, xususan:

– jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish, ularga imkon beruvchi shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish;

– huquqiy targ‘ibot-tashviqot ishlarini ko‘paytirish;

– korrupsiyaga qarshi nazorat tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

13 Mar, 2025