Parvoz kechiktirilishi: yo'lovchilarga aeroportda qanday xizmatlar ko'rsatiladi?
Parvoz kechikishi har kim bilan sodir bo'lishi mumkin bo'lgan holat, ayniqsa noqulay ob-havo sharoiti yoki samolyotdagi texnik muammolar tufayli. Turli aviakompaniyalarda yo'lovchilarga xizmat ko'rsatishning turli xil shartlari mavjud, ammo parvoz kechiktirilganida aviatashuvchi bepul taqdim etishi lozim bo'lgan asosiy xizmatlar mavjud:
- telefon orqali bir marotaba suhbat, elektron pochta xabarini yuborish yoki boshqa aloqa usullaridan bir martalik foydalanish;
- kutish vaqtida ichimlik suvi va issiq ovqat bilan ta'minlash;
- agar kutish vaqti tashuvchining qoidalarida belgilangan muddatdan oshib ketgan taqdirda, mehmonxona bilan ta'minlash;
- jo'nab ketishni kutish davrida yo'lovchini vaqtincha yashash joyiga va undan olib kelish uchun transport bilan ta'minlash;
- chiptada ko'rsatilgan va o'tkazib yuborilgan tranzit reyslari bilan bog'liq xarajatlarni qoplash yoki qayta bron qilish.
Ta'kidlash joiz, kichik bolalari (7 yoshgacha) bo'lgan barcha yo'lovchilarga, parvozning kechikish vaqtidan qat'iy nazar, ona va bola xonasiga kirish huquqi berilishi lozim.
“Uzbekistan Airports” aviakompaniyasi parvozlar kechiktirilgan taqdirda, aeroportdagi ma’lumot ekranlari, rasmiy veb-saytdagi onlayn tablo yoki Telegram bot orqali jadval yangilanishini kuzatib borishni, shuningdek, barcha savollar bo‘yicha aviakompaniyaning rasmiy vakillariga murojaat qilishni tavsiya qiladi.
19 Dec, 2023