Clinics and Pharmacies

Ornitologlar aeroportlarda qanday ishlaydi

Aeroport ornitologlari haqiqiy osmon qo'riqchilari bo'lib, har bir uchish va qo'nish jarayonlarining xavfsizligini ta'minlaydi. Ularning vazifasi nafaqat qushlar va yovvoyi hayvonlarni kuzatish, balki aerodrom va uning atrofidagi hududlarda har qanday xavf-xatarlarning oldini olish uchun faol choralar ko'rishdir.

Ornitologik xizmat nima ish qiladi?

Mutaxassislar qushlar va hayvonlarni jalb qiluvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish uchun javobgardir. Ular qushlar va yovvoyi hayvonlarning to'planishiga olib keluvchi sharoitlarni bartaraf etish uchun aerodrom hududini doimiy nazorat qiladilar.

Ornitologlar vaziyatni diqqat bilan kuzatib boradilar, qushlar parvozlarining marshrutlari balandligi va faolligini hamda mayda hayvonlarning harakatlarini qayd etadilar va tahlil qiladilar. Mutaxassislar shuningdek, qushlar va hayvonlarning soni va tur tarkibi, uya qo'yish, oziqlanish va dam olish joylari, kunning eng ko'p faol bo'lgan vaqti, to'planishiga yordam beradigan ekologik xususiyatlarni har tomonlama tahlil qiladi.

Ornitologlarning asosiy vazifalaridan biri bu qushlarni tezda aerodromdan uzoqlashtirish/qo'rqitish tizimidir. Mutaxassislar zamonaviy usul va texnologiyalardan foydalangan holda qushlar va hayvonlarni uchish-qo‘nish yo‘lagidan cheklab, samolyotlarga tahdidni minimallashtiradi. Bugungi kunda aeroportda qushlarni qo'rqitish uchun turli xil usullar qo'llaniladi:

- belgilangan vaqt oralig'ida otuvchi propan gazli qo'rqituvchi (tovushli) vositalar;

- 1 m uzoqlikda 125 dB gacha bo'lgan tovush bosimi darajasida qushlarning qo'rqinchli va tashvishli ovozlarini, shuningdek, yirtqich qushlarning qichqirig'ini atrofga tarqatadigan bioakustik qurilma;

- ovchilar va yirtqich qushlar modellari;

- oynali to'plar - quyoshdan yorug'lik porlashini aks ettirib, qo'rqituvchi ta'sir ko'rsatadigan vosita;

- BIRD-X ultratovushli bioakustik tizimlar, ular turli chastotali modulyatsiya bilan kuchli ultratovush chiqaradi, bu tovushlar inson qulog'iga eshitilmaydi, lekin ayni paytda qushlarni bezovta qiladi va qo'rqitadi;

- ko'chma bioakustik qurilmalar - aerodrom nazoratchi ornitologlari tomonidan patrul paytida to'g'ridan-to'g'ri qo'llaniladigan qushlarning bezovtalanish ovozlari va yirtqich qushlarning qichqiruvlarini atrofga tarqatadi.

"Qushlar tabiatning, samolyotlar esa taraqqiyotning bir qismidir va biz har kuni ular oʻrtasida muvozanat topamiz. Biz qushlar yoʻnalishlarini sinchiklab oʻrganamiz, yovvoyi tabiatning xatti-harakatlarini kuzatib boramiz va har bir parvoz xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻramiz. Kichkina qush ham aviatsiya uchun katta xavf tugʻdirishi mumkin va bizning vazifamiz oʻz vaqtida bunday xavf-xatarlarning oldini olishdan iborat”, - deydi Toshkent xalqaro aeroportining ornitologiya xizmati mutaxassislari.

27 Mar, 2025