Clinics and Pharmacies

Toshkent aeroportida buyuk bobokalonimiz Amir Temur tavallud topgan kun nishonlandi

9-aprel kuni buyuk sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yilligi nishonlanmoqda. Shu kuni “Uzbekistan Airports” kompaniyasi A.Navoiy nomidagi Davlat akademik katta opera va balet teatri bilan hamkorlikda poytaxt xalqaro aeroportining uchib ketish zalida tematik spektakl tashkil qildi. Katta teatrning yetakchi solistlari Nosir Yusupov va Kamoliddin Muxammadievlar bir necha soat davomida Amir Temur va uning vaziriga aylanishdi. Aeroport yo‘lovchilari va mehmonlari tarixiy qahramonlar libosidagi aktyorlar bilan esdalik uchun suratga tushish imkoniga ega bo‘ldi.

"Dunyoning ko'plab aeroportlarida tarixiy liboslardagi animatorlar faoliyat olib boradi. Bu ham milliy madaniyatni ommalashtirish, ham mamlakatning sayyohlik salohiyatini targ'ib qilishdir. Biz poytaxt aeroportida odatda ma'lum bir sanaga to'g'ri keladigan bunday "tarixiy soatlar"ni ilgari ham tashkil qilgan edik. Fevral oyida katta teatr aktyorlari Alisher Navoiy va Abduraxmon Jomiy obrazlarida aeroportga tashrif buyurishgan edi. Bu safar aktyorlar Yevropada Tamerlan nomi bilan mashhur bo‘lgan Amir Temur va uning vaziriga aylanishdi”, — dedi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi maslahatchisi Sarvar Fayzullaev.

Bugun, Toshkent aeroporti yo'lovchilari va mehmonlari tarixiy qahramonlarni katta ishtiyoq bilan kutib olishdi va esdalik sifatida suratga tushishdi. Umuman olganda, madaniy tadbir Sharja, Bishkek, Pekin, Novosibirsk, Istanbul, Milan, Ostona va boshqa shaharlarga uchayotgan mingdan ortiq kishini qamrab oldi.

09 Apr, 2025