Urganch aeroportida avtomobil ijarasi xizmati ochildi
Urganchga yetib kelgan yo‘lovchilar endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aeroportda avtomashinani ijaraga olish imkoniyatiga ega bo‘ldi – 15-aprel kunidan "SIXT" brendi ostidagi avtoulovlarni ijaraga berish kompaniyasi aeroportda faoliyatini boshladi. E-auksion.uz elektron platformasida savdolar yo‘li bilan ijaraga berilgan savdo nuqtasi Urganch xalqaro aeroportining umumiy uchib kelish zalida joylashgan.
Avtomobilni ijaraga olish uchun aeroportga kelgan yo‘lovchi "SIXT" peshtaxtasiga borishi, shaxsini tasdiqlovchi hujjat va haydovchilik guvohnomasini taqdim etishi kerak. Keyinchalik, mutaxassislar yo‘lovchiga mos mashinani tanlashga va shartnoma tuzishga yordam beradi hamda shartlarni tushuntirib avtomobil kalitini topshirishadi.
"Sixt SE" keng xalqaro tarmog‘iga ega bo‘lgan Yevropa avtomobil ijarasi kompaniyasidir. 2018-yil holatiga ko‘ra, kompaniya dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridagi 2098 dan ortiq ijara punktlarida 270 000 dan ortiq avtomobil parkiga ega.
07 May, 2025