2025-yilgi Haj mavsumi uchun dastlabki ziyoratchilar Toshkentdan Madinaga jo‘nab ketdi
13-may kuni ertalab mahalliy vaqt bilan soat 07:00da “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkentdan Madinaga (Saudiya Arabistoni) uchgan reysi 240 nafar ziyoratchimizni 2025-yilgi Haj safariga olib ketdi.
Ziyoratchilarni kuzatish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga O‘zbekiston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va boshqa imom-xatiblar yetib keldi.
13-28-may kunlari O‘zbekistonning 9 ta shahridan Madinaga parvozlar amalga oshiriladi. Bu yil eng ko‘p ziyoratchilar, 22 ta reysda 5607 yo‘lovchi, Toshkentdan Madinaga jo'nab ketadi. Namangandan 20 ta, Samarqanddan 4 ta, Buxoro va Qarshidan 2 ta, Termizdan 4 ta, Urganch va Navoiydan 2 ta, 1 ta reys Nukusdan uchadi. Bu yil jami 15 259 nafar yurtdoshlarimiz Haj ziyoratini ado etadi.
Ziyoratchilar aeroportga maxsus avtobuslarda yetib kelishadi, ro‘yxatdan o‘tishadi va yetarli miqdorda o‘rindiqlar o‘rnatilgan jo‘nab ketish hududiga yo‘l olishadi va samolyotga chiqishni kutish vaqtida ziyoratchilarga ichimlik va gazaklar taklif etiladi.
13 May, 2025