Clinics and Pharmacies

Yangi yuk terminalida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

14-may kuni “Uzbekistan Airports” kompaniyasi va “Uzcargo” MChJ rahbariyati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi kompaniyalar, mahalliy va xorijiy aviatashuvchilar, shuningdek, o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori ishtirokida ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar logistika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga samarali eksport qilish shartlarini takomillashtirish bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Asosiy e’tibor eksportni amalga oshirishda ishtirok etayotgan logistika kompaniyalariga yordam berish, qadoqlash materiallari ishlab chiqarishni jahon standartlariga yetkazish va shu orqali eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatlari, qish mavsumida havo transportida tashish tariflarining mavsumiy oshishi sabablari, eksportyorlarning yagona reyestriga kiritish shartlari va talablariga qaratildi.

“Biz muloqotga ochiqmiz va eksport logistikasini rivojlantirish bo‘yicha samarali yechimlarni topish uchun tadbirkorlar va aviakompaniyalar bilan birga ishlashga tayyormiz. Bunday uchrashuvlar xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir”, — dedi "Uzbekistan Airports Cargo" direktori Nozim Shaymardanov.

Eslatib o‘tamiz, birinchi uchrashuv joriy yilning 8-may kuni bo‘lib o‘tgan. Unda biznes vakillari, tegishli davlat organlari va aviatashuvchilar ishtirok etgan.

14 May, 2025