Moskvada birinchi o‘zbek uchuvchisi haqidagi film taqdimoti bo‘lib o‘tdi
19-may kuni Moskvadagi “Художественный” kinoteatrida “Uzbekistan Airports” kompaniyasi tashabbusi bilan yaratilgan “Taymetov. G‘alaba parvozi” filmining xalqaro premyerasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan hujjatli filmi qariyb 20 yil davomida dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan media ekspertlarini yig‘adigan eng yirik platformalardan biri bo‘lib kelayotgan nufuzli tadbir - “Madaniyatlar muloqoti” XIX Xalqaro media-forumini ochib berdi.
“Filmimiz premyerasi shunday keng ko‘lamli forum doirasida bo‘lib o‘tgani men uchun katta sharaf. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu Sovet Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasining eng ibratli filmlari bir asr davomida namoyish etib kelingan ushbu mashhur kinoteatrda ko‘p o‘n yilliklar ichida ilk o‘zbek premyerasi bo‘ldi. Bugungi "anshlag" esa, meni va butun ijodiy guruhni juda xursand qildi” - dedi rejissyor Eldor Yo‘ldoshev.
Premyerada O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi, “Moskino” rahbariyati va dunyoning 30 dan ortiq davlatidan media sohasi yetakchi vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda taqdim etilgan 30 ta film orasida “Taymetov. G‘alaba parvozi” XIX Xalqaro “Madaniyatlar muloqoti” mediaforumida eng yaxshi film sifatida maxsus diplom bilan taqdirlangan yagona film bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 12-may kuni Toshkentdagi “Riviera” kinoteatrida birinchi o‘zbek uchuvchisi Abdusamat Taymetov haqidagi hujjatli filmning birinchi yopiq namoyishi bo‘lib o‘tgan edi. 22 daqiqalik “Taymetov. G‘alaba parvozi” filmi O‘zbekiston tarixidagi birinchi harbiy va fuqarolik uchuvchisi, O‘zbekiston aviatsiya maktabi asoschisi va Toshkent aeroportining birinchi direktori Abdusamat Taymetov haqida hikoya qiladi, uning ekipaji Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lishi to‘g‘risidagi akt va G‘alaba bayrog‘ini 1945-yil 9-may kuni Moskvaga olib kelgan edi.
20 May, 2025