Bolangizni yolg‘iz parvoz qilishga tayyorlayapsizmi? Unda bu qoidalarni bilishingiz kerak!
Farzandingizni hamrohsiz sayohatga jo‘natmoqchimisiz? O‘zbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarolari uchun aviakompaniya qoidalari va asosiy parvoz talablari bilan tanishib chiqing.
Xalqaro yo‘nalishlarda parvozlar uchun:
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, 15 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslar chegaradan faqat, bolaning pasportida hamrohlik qiluvchi shaxs sifatida ko‘rsatilgan kattalar hamrohligida o‘tishi mumkin. Agar hamrohlik qiluvchi shaxs ota-ona bo'lmasa, bolaning pasportida bolaning ota-onasining notarial tasdiqlangan ruxsati asosida tegishli belgi qo'yilishi kerak.
15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onasi tomonidan berilgan notarial tasdiqlangan ishonchnoma bilan, kattalar hamrohligisiz chet elga chiqishlari mumkin.
* Ushbu qoidalar chet el fuqarolariga taalluqli emas.
Ichki yo‘nalishdagi parvozlar uchun:
Respublika ichida voyaga yetmagan shaxslar uchun parvozlar tartibi ancha soddalashtirilgan. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kattalar hamrohlik qilishi shart.
5 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni jo‘natish uchun ota-onalar ba’zi aviakompaniyalar tomonidan taqdim etilgan "Hamrohsiz bola" xizmatidan foydalanishlari mumkin.
Ushbu xizmat qanday ishlaydi? Ota-onalar (vasiylar) jo‘nab ketish aeroportidagi ro‘yxatdan o‘tish punktida Hamrohsiz bolani tashish uchun kerakli hujjatlarni - Hamrohlik qilinmaydigan bola uchun javobgarlik to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldiradilar va bolani aeroport xodimiga topshiradilar. Buning uchun bola ota-onasining (vasiyning) pasporti, bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va aviachipta kerak bo‘ladi. Hujjatlar maxsus "UM" konvertiga joylashtiriladi, va ushbu konvert butun sayohat davomida bola yonida bo‘ladi.
Aeroport vakili voyaga yetmagan yo‘lovchiga hamrohlik qiladi va tegishli hujjatlarga imzo chekkan holda samolyot bort kuzatuvchisiga shaxsan topshiradi. Manzilga yetib kelgach, aeroport xodimi bolani kutib oladi va uni jo‘nab ketish paytida hujjatda ko‘rsatilgan kutib oluvchi shaxsga tegishli hujjatga imzo chekkan holda topshiradi.
❗️ Agar bolani kutib olayotgan shaxs arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlarga to‘g‘ri kelmasa, aeroport/aviakompaniya xodimlari ota-onalar bilan bog‘lanib, xavfsizlik me’yorlariga muvofiq harakat qilishadi. Agar kerak bo‘lsa, bola qaytish reysida ortga qaytarish yoki tegishli organlarga topshirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ID kartasiga ega 16 yoshga yetgan shaxslar mamlakat ichida hamrohsiz sayohat qilishlari mumkin.
23 May, 2025