Clinics and Pharmacies

Bolalarni himoya qilish kunida Toshkent aeroportida bolalar uchun ekskursiya va bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

Toshkent aeroportida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan aviatsiya sohasi va tegishli xizmatlar xodimlarining farzandlari uchun yorqin bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Yosh mehmonlar aeroport bilan yaqindan tanishish va haqiqiy aviatsiya muhitiga sho‘ng‘ish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ldilar.

Ekskursiya davomida bolalar Airbus H130 vertolyoti va A321Neo samolyotlari, shuningdek, muzlashga qarshi ishlov berish mashinasi, o‘t o‘chirish mashinasi va boshqa ko‘plab maxsus texnikalar bilan tanishdilar. Yosh tashrif buyuruvchilarga samolyotlar qanday uchish va qo'nishlari aytib berildi, salon, yuk xonasi va hatto uchuvchi kabinasi ham ko'rsatildi.

"Bolalar uchun bu haqiqiy bayram - nafaqat aeroport ichiga kirish, balki o'zini katta aviatsiya jamoasining bir qismi sifatida his qilish imkoniyati bo'ldi. Ularning tabassumi, qiziqishi va ko'proq o'rganishga bo'lgan ishtiyoqini ko'rganimizdan xursandmiz. Balki bugun ularning birida bo'lajak uchuvchi, muhandis yoki dispetcher uyg'ongandir. Ularning yorqin ko'zlari quvonchga to'lganini ko'rish juda yoqimli" - deya izoh berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Bayram tadbirlari mahalliy aviaqatnovlar terminalida davom etdi, u yerda shirinliklar, animatorlar va yorqin sehrgarlar shousi bolalar uchun tashkil etildi. Bolalar, ayniqsa, futbolkalar, kepkalar va shopperlarni bo‘yash bo‘yicha ijodiy mahorat saboqlariga qiziqish bildirishdi, bunda har kim o‘z qo‘li bilan noyob suvenir yaratish imkoniyatiga ega bo'ldi. Bolalar xursandchilik bilan ertak qahramonlari, hayvonlar va super qahramonlarga aylanishdi. Quvnoq muhit, o'yinlar va kulgi kichik mehmonlar uchun bu kunni chinakamiga unutilmas qildi.

Ushbu tadbir "Uzbekistan Airports" muntazam ravishda o'tkazib kelayotgan dasturlardan biri bo'ldi. Kompaniya an’anaviy tarzda nafaqat quvonch baxsh etish, balki aviatsiya va kelajak kasblariga qiziqish uyg‘otishga intilayotgan yosh avlodga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

31 May, 2025