“Uzbekistan Airports” kompaniyasi 2030-yilgacha mo‘ljallangan raqamli transformatsiya strategiyasini taqdim etdi
“Uzbekistan Airports” kompaniyasida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) aviatsiya sohasi bo‘yicha maslahatchisi Brendan Sobi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashrif O‘zbekistonda transport sohasini raqamlashtirishni rivojlantirishga qaratilgan texnik missiya doirasida amalga oshirildi.
Uchrashuvda "Uzbekistan Airports" kompaniyasi vakillari aeroportlar IT infratuzilmasini modernizatsiya qilish va ularni boshqarishda raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘zlab berdi. Asosiy jarayonlarni avtomatlashtirish, intellektual videokuzatuv va boshqarish tizimlarini joriy etish, yo‘lovchilarni ro‘yxatga olishni raqamlashtirish, shuningdek, IT-yechimlarining yagona arxitekturasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mijozlarga xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish xizmatlarini raqamlashtirish, davlat platformalari bilan integratsiya qilish, intellektual yechimlarni tatbiq etish, IT infratuzilmasini rivojlantirish va kiberxavfsizlikning yuqori darajasini ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan "Uzbekistan Airports"ning raqamli transformatsiyasi strategiyasining taqdimoti uchrashuvining muhim nuqtasi bo‘ldi.
Tashrif xalqaro muloqotni rivojlantirish va O‘zbekiston aviatsiya sanoatini texnologik yangilashga qaratilgan sheriklikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi.
10 Jun, 2025