Clinics and Pharmacies

"Taymetov. G‘alaba parvozi" filmi "Yevrosiyo-Kinofest" II xalqaro kinofestivalida g‘olib bo‘ldi

“Uzbekistan Airports” AJ tashabbusi bilan yaratilgan va birinchi o‘zbek uchuvchisi Abdusamat Taymetov va Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi zavodida Li-2 samolyotining yaratilishi haqida hikoya qiluvchi “Taymetov. G‘alaba parvozi” nomli hujjatli film “Yevrosiyo-Kinofest” II xalqaro kinofestivalida yuksak mukofotga sazovor bo‘ldi. Film boshqa 90 ta raqobatchi filmlarni ortda qoldirib "Matbuot mukofoti" nominatsiyasida yagona g‘olib bo‘ldi.

“Uzbekistan Airports” kompaniyasi ko‘magi tufayli biz arxivlar va muzey fondlaridagi keng qamrovli materiallarni o‘rganishga va yakunda birinchi o‘zbek uchuvchisi va Toshkent aeroporti direktori haqida film yaratishga muvaffaq bo‘ldik, shuningdek, kino ixlosmandlariga Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonning o‘ziga xos aviasozlik sanoati haqida so‘zlab berdik”, - deydi film rejissyori Eldor Yo‘ldoshev.

Kinoforumda Gruziya, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Fransiya, Shveytsariya, Pokiston, Xitoy, Braziliya, Keniya va boshqa 26 davlat rejissyorlari ijodi jamlangan. Festival doirasida Zulfiqor Musoqovning “Umida. Fudziyama haqida tush” va Muzaffar Erkinovning “Maxtumquli Farog‘iy” o‘zbek filmlari ham o‘rin oldi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu film oy davomida nufuzli xalqaro maydonlarda yana ikkita mukofot – “Madaniyatlar muloqoti” XIX Xalqaro mediaforumida “Eng yaxshi film” maxsus diplomi va XXXIV xalqaro kinoforumida “Eng yaxshi debyut” nominatsiyasida “Бронзовый Витязь” bilan taqdirlangan edi.

19 Jun, 2025