O'zbekiston jahon aviatsiya mutaxassislarining e'tirofiga sazovor bo'ldi
Joriy yilning 18-20 iyun kunlari "Uzbekistan Airports" vakillari Afina shahrida (Gretsiya) bo‘lib o‘tgan "ACI Europe"ning XXXV yillik kongressi va Bosh assambleyasida ishtirok etdi.
Ushbu muhim tadbirlar aviatsiya sohasi yetakchilari va menejerlarini birlashtirib, global aviatsiyadagi yangi chaqiriqlar va imkoniyatlarni muhokama qilish, kelajakdagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro aeroportlar bilan aloqalarni o‘rnatish, ACI hamkorlarining innovatsiyalari bilan tanishish uchun asosiy platformaga aylandi.
Anjumanda jahon yetakchilaridan "Vinci Airports" (Fransiyadagi global aeroport operatori), AENA (Ispaniyadagi yetakchi aeroportlar tarmog‘i), Istanbul aeroporti (Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi asosiy aeroport), "Hethrow" (Buyuk Britaniyadagi eng gavjum aeroport), "Aeroporti di Roma" (Italiyadagi yetakchi aeroportlar operatori) va boshqa yirik aeroport operatorlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida "ACI Europe" bosh direktori Olivye Yankovets 2024-yilda tashkilotga a’zo mamlakatlarda yo‘lovchi tashishning pandemiyadan oldingi davr – 2019-yilga nisbatan dinamikasi to‘g‘risida taqdimot qildi. Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatimiz aeroportlarining yo‘lovchi tashish hajmi 2019-yilga nisbatan ikki baravar ko‘paygan. Shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar orasida O‘zbekiston eng yaxshi natijani ko‘rsatgani ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, bunday natija mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi innovatsiyalar va izchil rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar samarasidir.
Eslatib oʻtamiz, "Uzbekistan Airports" 2024-yil oktabr oyidan boshlab "ACI Europe" tashkilotidagi aʼzoligini qayta tiklagan edi.
"ACI Europe" - Yevropa xalqaro aeroportlari kengashi boʻlib, butun dunyo boʻylab 2000 ga yaqin aeroport operatorlarini birlashtirgan global tashkilotdir.
24 Jun, 2025