Clinics and Pharmacies

“Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi yoshlar bilan uchrashdi

24-iyun kuni Toshkent aeroporti yuk terminali binosida “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev bilan kompaniya va uning tarkibiy bo‘linmalari yosh xodimlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda kompaniya rahbari rag‘batlantiruvchi nutq so‘zlab, mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi va aeroport infratuzilmasini rivojlantirishda yoshlarning o‘rni muhimligini ta’kidladi. U yosh mutaxassislarni loyihalarni amalga oshirishda ham, korporativ madaniyatni shakllantirishda ham faol, ijodiy va mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi.

"Dunyodagi bugungi geosiyosiy vaziyat aviatsiya sanoati rivojiga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Koʻplab qoʻshni davlatlar oʻz aeroportlarini boʻlajak xalqaro xablar sifatida ta'kidlamoqda. Bu bizdan rivojlanishning yuqori tezligi, nostandart yechimlar va aniq strategiyani talab qiladi. Biz raqobatbardosh boʻlishimiz kerak – va bu jarayonlarda yoshlar asosiy rol oʻynaydi”, - dedi Javlonbek Umarxodjayev.

Kundalik ishda komplaens talablariga rioya qilish, odob-axloq qoidalari va ochiqlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Rahbariyat halollik, standartlarga rioya qilish va ochiq muloqot kompaniyaning barqaror rivojlanishi va hamkorlar hamda jamoatchilik ishonchining ajralmas qismi ekanligini eslatdi. Muloqotga yosh xodimlar qiziqish bilan qo‘shildi, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollar va aeroportlar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Kompaniya rahbariyati eng istiqbolli tashabbus va loyihalarni ko‘rib chiqish va qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Tadbir so‘ngida avvalroq Nukus shahrida o‘tkazilgan “Innovatsion g‘oyalar” korporativ tanlovi ishtirokchilari va g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yosh mutaxassislar mamlakatimiz aeroportlarini rivojlantirish va raqamlashtirishga qaratilgan original loyihalarni taqdim etishgan edi. Eng yaxshi loyiha mualliflariga pul mukofotlari, shuningdek, Issiqko‘lga sayohat uchun sertifikatlar topshirildi.

24 Jun, 2025