Toshkent aeroportida bir-biriga ko‘maklashuvchi xizmatlar qanday ishlaydi
Aeroport bu katta ekotizim bo‘lib, unda o‘nlab bir-biriga ko‘maklashuvchi turdosh xizmatlar - aeroportga bevosita bo‘ysunmaydigan, lekin uning har kunlik faoliyatining ajralmas qismi bo‘lgan bo‘linmalar birgalikda ishlaydi.
Xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish organlaridan tortib, tibbiyot, veterinariya va chegara nazoratigacha – ularning barchasi har bir parvoz muammosiz, xavfsiz va talablarga muvofiq o‘tishini ta’minlash uchun uzviy bog‘liqlikda ishlaydi.
Quyida biz aeroportning har kunlik faoliyatida bevosita ishtirok etuvchi xizmatlar ro‘yxatini taqdim etdik:
🛂Chegara xizmati
Davlat chegarasi kesib o‘tilishini nazorat qiladi. Pasport va vizalar, yurtimizga uchib kelgan chet ellik yo‘lovchilar tomonidan migratsiya qoidalariga rioya etilishini tekshiradi. Yo‘lovchilar aynan shu xizmat xodimlari bilan pasport nazoratida o‘zaro aloqada bo‘ladi.
🧳Bojxona xizmati
Tovarlar, valyuta, bagaj va boshqa moddiy boyliklarni olib kirish/eksport qilish qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi. Uchib ketish zalida masofaviy bojxona nazoratini amalga oshiradi. Uchib kelish zalida esa ikki yo‘lakli - qizil va yashil yo‘lak tizimi faoliyat olib boradi.
🧼 Sanitariya-karantin xizmati
Aeroport va havo kemalarining sanitariya me’yorlariga muvofiqligi, kasalliklarning avj olish davrida yo‘lovchilar salomatligi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Kerakli sertifikatlar va ruxsatnomalar mavjudligini tekshiradi.
🐾 Veterinariya va fitosanitariya xizmati
Veterinariya, karantin va o‘simliklarni muhofaza qilish sohasida nazorat funksiyalarini amalga oshiradi, aholini odamlar va hayvonlar uchun umumiy kasalliklardan himoya qilish choralarini ko‘radi.
🚒 Yong‘in xavfsizligi va qutqaruv xizmati
Parvozlarni yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlarda qidiruv-qutqaruv ta’minlash choralarini ko‘radi. Asosiy vazifasi - yong‘inlarni o‘chirish, avariya-qutqaruv stansiyalarida va yong‘in xavfi mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlarni bajarishda navbatchilik qilish, favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish, odamlarni qutqarish va favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish.
🌤 Meteo xizmat (Ob-havo markazi)
Ekipaj va dispetcherlarga parvozga ta’sir qiluvchi ob-havo sharoitlari haqida doimiy ma’lumot beradi: ko‘rinish, shamol, bosim, muzlash va boshqalar.
🚑 Shoshilinch tibbiy yordam xizmati
Aeroportda navbatchilik qiladi va yo‘lovchilar, xodimlar va aeroport hududiga tashrif buyurganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatadi, shuningdek, tegishli xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish choralarini ko‘radi.
📝 Migratsiya xizmati (OVIR)
Chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish, viza va migratsiya bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanadi.
Har bir parvoz ortida butun tizimning ko‘rinmaydigan ammo muvofiqlashtirilgan ishi bor.
03 Jul, 2025