Clinics and Pharmacies

Toshkent aeroportida “Anor” biznes-zali kimoshdi savdosiga qo‘yildi

“Uzbekistan Airports” biznes-zalini ijara asosida boshqarish uchun hamkor izlamoqda. Tegishli lot (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=16907286) E-auksion.uz elektron platformasiga joylashtirilgan.

Yuqori qulayliklarga ega “Anor” zali Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminalining “steril” hududida joylashgan. Rekonstruksiyadan so‘ng uning umumiy maydoni 651 kv.m. ni tashkil etadi. Boshqaruvchi hamkor biznes-zalni rekonstruksiya qilish loyihasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash uchun uni jihozlash va mebel o'rnatishi lozim bo'ladi. Zalda uchib ketishdan oldin dam olish, shuningdek ovqatlanish uchun sharoit tashkillashtiriladi.

Ijaraning boshlang‘ich narxi 1 kv.m uchun 1.000.000 so‘m etib belgilanadi. Bundan tashqari, texnik topshiriqqa ko‘ra, boshqaruvchi hamkor ijara haqiga qo‘shimcha ravishda zalda xizmat ko‘rsatilgan har bir yo‘lovchi uchun har chorakda “Uzbekistan Airports” hisobiga ma'lum bir miqdorda pul o'tkazadi. Potensial ijarachi bilan shartnoma, bir yillik ijara to‘lovi miqdorida avans to‘lash sharti bilan, 5 yil muddatga tuziladi.

Qayd etish joizki, kim oshdi savdosida ishtirok etuvchi kompaniyalar texnik topshiriqdagi talablarga to'g'ri kelishlari zarur. Hamkorlar uchun asosiy talablar qatoriga quyidagilar kiradi: sohada kamida uch yillik tajriba, shu jumladan xalqaro aeroportlarda hamda ommabop va taniqli brendiga ega bo‘lishi zarur.

Lot bo'yicha nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va boshlang‘ich narxlar E-auksion saytiga joylashtirilgan. Kim oshdi savdosi qoidalariga ko'ra, dastlabki yillik summalar savdo paytida kamida 10% ga oshishi mumkin. Auksion 2025-yil 7-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

24 Jul, 2025