Toshkent yaqinida parvozlarni qidiruv-qutqaruv qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi
Bugun Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi Mudofaa vazirligi desantchilarni tayyorlash markazida keng ko‘lamli, idoralararo o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Afsonaga ko‘ra, yo‘lovchi samolyoti qo‘nishga yaqinlashganda, havo dispetcheri va samolyot ekipaji o‘rtasidagi aloqa uzilib qolgan. Samolyot Toshkent shahriga yetmasdan aviahalokatga uchraydi, natijada yong‘in chiqadi, qurbonlar va jarohatlanganlar bor. Dispetcherlar favqulodda vaziyat haqidagi ma’lumotlarni zudlik bilan aeroportning avariya-qutqaruv xizmatiga uzatadilar, ular esa o‘z navbatida boshqa xizmatlarga xabar beradi. Qutqaruv operatsiyasi boshlanadi.
Simulyatsiya qilingan favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish uchun jami 250 ga yaqin kishi va idoralararo tuzilmalarning 20 ta maxsus texnikasi jalb qilingan. Ishtirokchi tashkilotlar qatorida: Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda "Uzbekistan Airports". Mashg‘ulotlar doirasida qutqaruvchilar o‘z otryadlarining tayyorgarligi, yong‘inni o‘chirish jarayonida muvofiqlashtirish, odamlarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarni jarohat og‘irligiga qarab taqsimlash, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni tibbiyot muassasalariga yetkazish, shuningdek, samolyot bortida bo‘lgan xavfli yukni evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borishdi.
““Uzbekistan Airports” aeroport ichidagi mashg‘ulotlardan tashqari, yiliga bir necha bor aeroportlar tashqarisida bunday kompleks o‘quv tadbirlarini o‘tkazadi. Ularning asosiy maqsadi aviahalokat sodir bo‘lgan taqdirda bir qator vazirlik va idoralar, Toshkent aeroportining bo‘linmalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, aviahalokat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda xodimlarning tayyorgarligini oshirishdan iborat”, — deyiladi Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabarida.
Mashqlarning barcha bosqichlari batafsil o‘rganildi va tahlil qilindi. Manyovrlar natijalari bo‘yicha bo‘limlar va idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Tadbir yakunida “Toshkent” aeroporti hamda o‘zaro aloqador idoralarning kuch va vositalari tayyorgarligi yuqori baholandi hamda haqiqiy favqulodda holat sodir bo‘lgan taqdirda tezkor choralar ko‘rishga to‘liq tayyor ekanligi e’tirof etildi.
07 Aug, 2025