“Toshkent” xalqaro aeroportida birinchi tungi spotting o'tkazildi
15-avgust kuni Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda O‘zbekiston uchun noyob voqea — “Uzbekistan Airports” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ilk rasmiy tungi spotting-tur bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 20 ga yaqin spotterlar ishtirok etdi.
Aviatsiya ixlosmandlari birinchi marta aeroportni tungi faoliyatini — perron yoritgichlari ostida, yurish va uchish-qo‘nish yo‘lagi chiroqlari fonida foto va video suratga olish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ishtirokchilar “Uzbekistan Airways”, Silk Avia, MyFreighter, Air China, Loong Air, Asiana Airlines, Batik Air, Fly Khiva, National Cargo va boshqa aviakompaniyalarning kechki va tungi parvozlarini suratga olishdi. Yuk tashuvchi samolyotlarning tungi parvozlari esa alohida qiziqish uyg'otdi.
Ishtirokchilarni tanlashda avvalgi turlardagi kabi mezonlar inobatga olindi: aviatsiya mavzularidagi blog, veb-sayt yoki ijtimoiy tarmoqlarda kanallar mavjudligi, professional foto va video uskunalarning mavjudligi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan resurslarda nashrlar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilk rasmiy spotting 2021-yil 22-oktabrda bo‘lib o‘tgan edi.Tungi spotting turlarni o‘tkazish mamlakatimizda bu yo'nalishni rivojlantirish, ishtirokchilar uchun yangi ijodiy imkoniyatlarni ochish va tadbir formatini kengaytirishda yangi bosqich bo‘ladi.
16 Aug, 2025