Clinics and Pharmacies

“Fitch” agentligi "Uzbekistan Airports" kompaniyasiga birinchi marta barqaror prognozli “BB” reytingini berdi

“Fitch Ratings” xalqaro agentligi “Uzbekistan Airports” kompaniyasiga birinchi marta uzoq muddatli emitent defolt reytingini barqaror prognozli “BB” darajada baholadi. Kompaniyaning reytingi O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingiga mos keladi va uning mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatini tasdiqlaydi.

“Fitch” "Uzbekistan Airports" kompaniyasining ichki bozordagi o‘rni, qarz yukining past darajadaligi hamda joriy va istiqbolli loyihalardan barqaror daromadini uning kuchli tomonlari sifatida qayd etdi. Kompaniyaning 100 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi davlat aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirishni, shu jumladan kapital qo‘yilmalarni moliyalashtirish orqali faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Agentlikning ta’kidlashicha, kompaniyaning moliyaviy barqarorligi yuqoriligicha qolmoqda: yaqin yillarga prognoz bo‘yicha sof qarzning EBITDAga nisbati minimal darajada qoladi, bu esa tashqi tebranishlar sharoitida ham ishonchlilikni ta’minlaydi.

Ayni paytda "Uzbekistan Airports" kompaniyasi tomonidan mamlakat aeroportlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida ham bu borada ishlar jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda, Buxoro, Namangan va Urganchda xususiy investorlarni jalb etgan holda loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bu qadamlar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va O‘zbekistonning tranzit salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan. Bundan tashqari, barqaror rivojlanish uchun "Uzbekistan Airports" AJ o‘z faoliyatiga ESG standartlari tamoyillarini faol tatbiq etmoqda. "Fitch" ma’lumotlariga ko‘ra, barqaror prognozning saqlanib qolishi “Uzbekistan Airports” kompaniyasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani va 2030-yilgacha mamlakat aviatsiya sanoatini rivojlantirishdagi muhim rolini aks ettiradi.

Umuman olganda, xalqaro reytingni qo‘lga kiritish kompaniya uchun - xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlari, investorlarning ishonchi oshishi va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun yanada yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu aeroportlarni modernizatsiya qilish, mamlakat aviatsiya va transport infratuzilmasini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi.

29 Aug, 2025