Clinics and Pharmacies

Toshkent aeroporti xodimi triatlon bo‘yicha Challenge Samarkand 2025 chempionati sovrindori bo‘ldi

O‘tgan dam olish kunlari Samarqand shahrida mamlakatimizning turli viloyatlari va xorijdan o‘nlab sportchilarni jamlagan “Challenge Samarkand 2025” havaskor triatlon poygasi bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar orasida “Uzbekistan Airports Handling” kompaniyasining yo‘lovchi tashuvlarini tashkil etish xizmatining ro‘yxatga olish agenti Shukurjon Sharipov ham bor edi. 30-34 yosh toifasidagi bahslarda u 750 m ga suzish, 20 kmga velopoyga va 5 km yugurish bo‘yicha yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarligi va sportdagi matonatini namoyish etdi.

"Aeroportda ishlash men uchun shunchaki kasb emas, balki ushalgan orzu: aviatsiya doim mening maqsadim bo‘lib kelgan. 20 yildan ortiq vaqt davomida karate bilan shug‘ullanib, ikki karra jahon chempioni bo‘lganimdan so‘ng, kasbda yordam beradigan fazilatlar – chidamlilik, bosim ostida ishlash va natijalarga erishish qobiliyatini mustahkamladim. 2021-yildan buyon “Uzbekistan Airports” kompaniyasi sharafini triatlon bo‘yicha xalqaro musobaqalarda himoya qilib kelaman va jahon chempionatida birinchi bo‘lishni orzu qilaman" - deydi Shukurjon Sharipov.

Samarqanddagi ishonchli natija sportchining navbatdagi maqsadi sari muhim qadam bo‘ldi. Shukurjon 2026-yilning may oyida Slovakiyaning Samorin shahrida sayyoramizning eng kuchli triatlonchilari yig‘iladigan Challenge Family The Championship musobaqasida ishtirok etadi.

26 Aug, 2025