Clinics and Pharmacies

Toshkent aeroportining jo‘nab ketish hududida “Fast food” shaklidagi yana bir kafe ish boshlaydi

“Uzbekistan Airports” kompaniyasi "E-auksion.uz" elektron savdo platformasida Toshkent xalqaro aeroportidagi maydonni ijaraga berish bo‘yicha yangi lotni savdoga qo‘ydi.

Xususan, xalqaro aviaqatnovlar terminalining uchinchi qavatidagi jo‘nab ketish zalining 100 kv.m maydoni umumiy ovqatlanish nuqtasini (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=18135161) tashkil etish uchun savdoga qo‘yildi. Texnik topshiriqqa ko‘ra, mazkur hududda tashkil etiladigan kafe “fast-food” formatida bo‘lishi va mahalliy brend tomonidan taqdim etilishi lozim. Yillik boshlang‘ich narx QQSsiz 600 million so‘m etib belgilangan.

Qayd etish lozimki, auksionda ishtirok etayotgan kompaniyalar texnik topshiriqda belgilangan talablarga qat’iy rioya qilishlari shart. Potensial hamkorlarga qo‘yilayotgan asosiy talablar qatorida: ushbu sohada kamida uch yillik tajribaga ega bo‘lishi, mahalliy bozorda tanilgan va o‘z obro‘ va mavqeyiga ega brend bo‘lishi kerak.

Auksionda ishtirok etishga istak bildiruvchilar uchun ijarachilarga qo‘yilgan talablar va boshlang‘ich narxlar "E-auksion" saytidagi lotda taqdim etilgan. Auksion qoidalariga ko‘ra, boshlang‘ich yillik narxlar savdo davomida kamida 10% ga oshishi mumkin. Auksion 2025-yil 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi auksion savdolari yakunlariga ko‘ra, rejalashtirilgan food-kort hududida bitta "fast food" formatidagi kafeni tashkil etish bo‘yicha g‘olib aniqlangan. Bu — "Evos" brendi ostidagi tezkor ovqatlanish tarmog‘idir.

11 Sep, 2025