Clinics and Pharmacies

“Uzbekistan Airports” kompaniyasi va Gonkong xalqaro aeroporti hamkorlik memorandumini imzoladi

2025-yil 11-sentabr kuni Gonkongda bo‘lib o‘tgan “Bir kamar, bir yo‘l” sammiti doirasida “Uzbekistan Airports” kompaniyasi va Gonkong xalqaro aeroporti rahbariyati o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Bitim O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida havo qatnovini ochish, shuningdek, aeroport sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Hujjatda Gonkong Xalqaro Aviatsiya Akademiyasi (HKIAA) dasturlari orqali boshqaruv tajribasini almashish, operatsion samaradorlik va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, kadrlar tayyorlash va o‘qitish, shuningdek, aviatsiya sanoatini barqaror rivojlantirish sohasida qo‘shma tashabbuslar ko‘zda tutilgan.

“Gonkong aeroporti ma’muriyati bilan memorandumning imzolanishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni rivojlantirish va aviatsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ushbu kelishuv O‘zbekistonning jahon aviatsiya tarmog‘iga integratsiyalashuvida muhim qadam bo‘lib, yo‘lovchilar oqimining o‘sishi, turizmni rivojlantirish va mamlakatning transport-logistika salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi “Uzbekistan Airports” boshqaruv raisining operatsion faoliyat bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Salohiddin Nasirov.

"Biz “Uzbekistan Airports” bilan ushbu memorandumni imzolaganimizdan mamnunmiz. Shartnoma yangi yo‘nalishlarni ochadi hamda Gonkong va O‘zbekistonni bog‘lovchi reyslar sonini oshiradi. Shuningdek, biz aviatsiya sohasi mutaxassislarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. 2017-yildan beri HKIAA 380 mingdan ortiq ishtirokchilar, jumladan, “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi mamlakatlari vakillari uchun keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirdi. Bizning tajribamiz O‘zbekistonlik hamkorlar tomonidan yuqori talabga ega ekanligidan mamnunmiz”, — deya izoh berdi Gonkong xalqaro aeroporti bosh direktori Vivian Chang.

Bugungi kunda Gonkong xalqaro aeroporti dunyo bo‘ylab 200 dan ortiq yo‘nalishlarga, shu jumladan “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusining 36 ta davlatidagi 58 ta aeroportiga xizmat ko‘rsatadi. Mazkur aeroportga 140 ga yaqin aviakompaniyalar reyslarni amalga oshiradi, bu pandemiyadan oldin qayd etilgan ko‘rsatkichlardan ko‘proqdir.

15 Sep, 2025