"Uzbekistan Airports" kompaniyasi Germaniyaning "Helaba Landesbank Hessen-Thuringen" banki bilan moliyaviy kelishuvni imzoladi
2025-yil 23-sentabr kuni “Uzbekistan Airports” kompaniyasi Germaniyaning nufuzli moliyaviy muassasasi - Helaba Bank bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy moliyalashtirish shartnomasini imzoladi. Shartnomaga ko‘ra, kompaniya suveren kafolatisiz uzoq muddatli moliyalashtirish bilan ta’minlanadi. Mablag‘lar xalqaro aeroportlarni zamonaviy, maxsus jihozlar bilan modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.
"Bu nafaqat kompaniyamiz uchun muhim qadam, balki O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘yining ortib borayotganining e’tirofidir. Yevropaning yetakchi banklaridan birining ishonchi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini tasdiqlaydi. Bu moliyalashtirish aeroportlar modernizatsiyasini jadallashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yo‘lovchilar va hamkorlar uchun jahon andozalari darajasidagi shart-sharoitlarni yaratish imkonini beradi. Mazkur kelishuv aviatsiya sohasini rivojlantirish uchun yangi kuch berishiga va O‘zbekistonning asosiy mintaqaviy transport “Xabi” sifatidagi rolini kuchaytirishiga ishonchimiz komil”, — deya izoh berdi “Uzbekistan Airports” AJ matbuot xizmati.
Bitim “Uzbekistan Airports” kompaniyasi tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilgan transformatsion jarayonlar, boshqaruv va moliyaviy islohotlar natijasidir. Kompaniyaning xalqaro bozorlardagi obro‘yi "Fitch Ratings" tomonidan berilgan “BB” reytingi bilan ham yana bir bor tasdiqlanadi.
Imzolash marosimida “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi va “Helaba bank” rahbariyati ishtirok etdi.
24 Sep, 2025