"Uzbekistan Airports" kompaniyasi "Central Asia Air Cargo Summit 2025" da ishtirok etdi
Toshkentda "Central Asia Air Cargo Summit 2025" xalqaro aviatsiya sammiti boʻlib oʻtdi. Ikki kun davom etgan forumda aeroportlar, aviakompaniyalar, transport va logistika kompaniyalari, aeronavigatsiya xizmatlarini yetkazib beruvchilarning 300 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar mintaqadagi havo transportini liberallashtirish, aeroportlarni modernizatsiya qilish, xususiy aviakompaniyalarning ko‘payishi, yuk logistikasini raqamlashtirish kabi asosiy mavzularga e’tibor qaratdi. Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biri sifatida O‘zbekiston bozoriga ham alohida e’tibor qaratildi.
Sammit dasturi taqdimotlar va panel muhokamalari, shuningdek, infratuzilmaning yetishmasligi, qonunchilikdagi to'siqlar va raqamli transformatsiya zarurati kabi dolzarb muammolarni muhokama qilishdan iborat edi. Ma’ruzachilar sifatida "IATA, DHL Global Forwarding, My Freighter, Turkish Airlines, FedEx, Saudia Cargo, Vietjet Qazaqstan" va boshqa yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida konferensiya, ko‘rgazma va startap sessiyalari o‘tkazildi. Ikkinchi kun "UzCargo"ning yangilangan yuk terminali bo‘ylab ekskursiyaga bag‘ishlandi.
"Sammitlar va panel muhokamalari fikr-mulohazalarni eshitish va strategik g'oyalar bilan almashish imkonini beradi. Ammo jonli ekskursiyalar bizga bu g'oyalar qanday amalga oshirilayotganini, raqamlar va taqdimotlar ortida haqiqiy ish - zamonaviy uskunalar, samarali boshqaruv va yuqori darajadagi xizmat ko'rsatish yotganini ko'rish imkonini beradi. Bugun biz hamkorlarimizga Toshkent aeroportidagi yangi yuk terminalini ko'rsatdik. Bu esa O‘zbekiston global logistika uchun yangi imkoniyatlarni ochib, xalqaro yuk tashuvlari hajmini oshirishga tayyor ekanligini namoyish etadi”, — dedi "UzCargo" direktori Nazim Shaymardanov.
Sammit yakunida Markaziy Osiyoda havo yuklarini tashishni rivojlantirishning strategik salohiyati alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar davlat idoralari, xususiy sektor va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish sohaning barqaror rivojlanishi, innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish va mintaqada samarali logistika ekotizimini shakllantirishning kaliti va asosiy yo'nalishi bo‘lishi haqida kelishib oldilar.
29 Sep, 2025