Samarqand shahrida parvozlar xavfsizligi va sifat nazorati bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi
Samarqand shahrida 25-sentabr kuni “Uzbekistan Airports” AJning parvozlar xavfsizligi va sifat nazorati inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xavfsizlik inspektorlari, sifat nazorati bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, respublikadagi barcha aeroportlarning aerodrom xizmatlari boshliqlari ishtirok etdi.
Seminar davomida ICAOning xalqaro standartlaridagi xavflarni boshqarish bilan bog‘liq yangi tendensiyalar, shuningdek, aerodromlardagi ornitologik vaziyatni yaxshilash choralari muhokama qilindi. Alohida e’tibor, aeroportlar atrofida qushlar mavjudligi bilan bog‘liq xavf-xatarlarni kamaytirish masalalariga qaratildi, chunki ushbu holat parvozlar xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘diradi.
Bunday tadbirlar mutaxassislarga tajriba almashish, shuningdek, aviatsiya xavfsizligi sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish imkonini berib, yurtimiz aeroportlari tizimidagi faoliyat ishonchliligini va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
26 Sep, 2025