Clinics and Pharmacies

“Uzbekistan Airports” JSSTning tizimli xatarlarni baholash bo‘yicha treningida ishtirok etdi

Toshkent shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ko‘magida barcha turdagi xavflarni tizimli baholash bo‘yicha seminar-treningi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar bilan bir qatorda “Uzbekistan Airports” kompaniyasi ham ishtirok etdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Chegara xizmati hamda veterinariya, ekologiya, sog‘liqni saqlash va transport sohalaridagi idoralar mutasaddilari bilan birgalikda strategik obyektlar, jumladan fuqarolik aviatsiyasidagi xavflarni baholash va boshqarish mexanizmlari muhokama qilindi.

Seminar mahalliy mutaxassislarni tayyorlash dasturining bir qismi bo‘lib, ushbu mutaxassislarga joylarda o‘z hamkasblarini o‘qitishda yordam beradi. Uchrashuv ishtirokchilari mazkur dasturning amaliy ahamiyatini alohida ta’kidlab, olgan bilimlaridan o‘z ish faoliyatida unumli foydalanishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

“Biz uchun nafaqat xalqaro standartlarga javob berish, balki favqulodda vaziyatlarda idoralararo samarali hamkorlikka tayyor bo‘lish ham muhimdir. Olingan bilim va amaliy ko‘nikmalarni O‘zbekiston aeroportlarida xavfsizlikni ta’minlash jarayonlariga integratsiya qilishni rejalashtiryapmiz”, — deydi “Uzbekistan Airports” Tibbiy ta’minotni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sevara Salixova.

Treningning asosiy yo‘nalishi tabiiy, texnogen, biologik va ijtimoiy xavflarni boshqarishda tizimli yondashuvni qo‘llash bo‘ldi. Ishtirokchilar xalqaro metodikalar va sog‘liqni saqlash tizimlarining barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha tarmoqlararo hamkorlik misollari bilan tanishishdi. Dastur simulyatsiyalar, guruhli ishlash va vaziyatlarni tahlil qilish kabi sessiyalarini qamrab oldi. Amaliy mashg‘ulotlarni JSST mutaxassislari olib bordi va tashkilotning xatarlarni boshqarish bo‘yicha vositalarini taqdim etdi.

02 Oct, 2025