Tavakkal emas, balki qoida: nima uchun zilzila paytida samolyotlar aeroportga qo‘na olmaydi?
Bugun zilzila tufayli – Toshkentda soat 01:29 da, epitsentri Qirg‘izistonda bo‘lgan 3 magnitudali silkinishlar sezildi – "Aeroflot" aviakompaniyasining Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi SU-1870 reysi parvoz paytida, dispetcher ko‘rsatmasiga asosan ikkinchi aylanishga (qo‘nish uchun ikkinchi urinish) ketdi. Ushbu qaror standart xavfsizlik jarayonidir. Ushbu manyovrdan so‘ng samolyot mahalliy vaqt bilan soat 1:50 da Toshkent aeroportiga kelib qo‘ndi.
"Ikkinchi aylanishga o‘tish" - bu qo‘nish jarayoni to‘xtatilgandan so‘ng ikkinchi marotaba qo‘nishga urinish.
Zilzila sabab quyidagi holatlar yuzaga kelishi mumkin:
• uchish-qo‘nish yo‘lagini yaroqsiz holga keltirishi mumkin bo‘lgan yoriqlar, siljish va parchalanish;
• radar, meteorologik va yorug‘lik qurilmalarining joyidan siljishi yoki shikastlanishi;
• vayronalar, qulashlar va to‘siqlar;
• aloqa yoki navigatsiya tizimidagi nosozliklar.
Agar qo‘nishga yaqinlashish vaqtida silkinishlar sezilsa, uchuvchi yoki aviadispetcher manyovrni to‘xtatishga va qayta qo‘nish uchun samolyotni ikkinchi urinishga yuborishi mumkin. Ushbu chora aerodrom xodimlariga uchish-qo‘nish yo‘lagi va jihozlarning holatini tekshirish uchun vaqt beradi.
"Zilziladan so‘ng tegishli xizmatlar uchish-qo‘nish yo‘laklari, yurish yo‘llari va aerodrom jihozlarini yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shikastlanishlar bor-yo‘qligini tekshiradi. Tekshiruv yakunlanguniga qadar samolyotlarning qo‘nishi va jo‘nashiga vaqtinchalik cheklovlar joriy qilinadi. Aerodromning yaroqliligi tasdiqlangach, parvozlar odatdagidek davom etadi. Zilzila vaqtidagi bunday choralar - oddiygina xavfsizlik choralari emas, balki ICAO qoidalari va standartlari, Xalqaro aviatsiya qo‘llanmalari, aviakompaniyalarning ichki hujjatlari, havo harakatini boshqarish bo‘yicha yo‘riqnomalar va aeroportlar xavfsizligi bo‘yicha qo‘llanmalar talablari”, - deya tushuntirish berishdi "Uzbekistan Airports" kompaniyasi Aerodromlarni boshqarish departamentida.
Shunday qilib, zilzila paytida qayta qo‘nish manyovriga o‘tishni talab qiladigan aniq qoida yo‘q. Shu bilan birga, umumiy xavfsizlik qoidalariga muvofiq: agar qo‘nishga yaqinlashish paytida beqaror yoki potensial xavfli sharoitlar yuzaga kelsa, ekipaj qo‘nishni to‘xtatishi va standart aylanish jarayonini bajarishi kerak.
06 Oct, 2025