Auditoriyadan perronga: Turin universiteti talabalari Toshkent aeroportiga tashrif buyurishdi
Toshkentdagi Turin politexnika universitetining 25 nafar talabasi Toshkent xalqaro aeroportiga tashrif buyurdi. Ekskursiya yoshlarni fuqaro aviatsiyasi sohasidagi kasblar bilan tanishtirish va aeroport ishini ichkaridan ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi.
"Bugungi yoshlar - bu bo‘lajak muhandislar, uchuvchilar, dispetcherlar. Bizning vazifamiz nafaqat ularni tashqi ko‘rinish bilan tanishtirish, balki aeroportning o‘ziga xos murakkab tizimi qanday ishlashini ko‘rsatish va shu orqali aviatsiya sohasida kasb tanlashga ilhomlantirishdir," - deya izoh berdi aerodrom xizmati mutaxassislari.
Yigit va qizlar aeroportning asosiy xizmatlari - aerodrom, transport, elektr ta’minoti xizmati va boshqa bo‘linmalarida bo‘lishdi. Mutaxassislar o‘z vazifalari, jihozlari va har bir xizmatning parvozlar xavfsizligi va uzluksiz ishlashini ta’minlashdagi ahamiyati haqida so‘zlab berishdi.
"Aeroport sahna ortida hamma narsa qanday tashkil etilganini ko‘rish juda qiziqarli edi. Ayniqsa, muhandislik xizmatlarining ishi katta taassurot qoldirdi. Bu qiziqarli tashrifdan so‘ng aviatsiya sohasida karyera qilish haqida jiddiy o‘yladik," - deydi talabalar.
Aeroport ma’muriyatida talabalar aviatsiya “Xab”ini rivojlantirish strategiyasi, jumladan trafikni boshqarishning raqamli tizimlarini joriy etish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va logistika quvvatlarini kengaytirish haqida ma’lumot olishdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yildan boshlab Turin politexnika universitetida yangi "Aviakosmik injiniring" yo‘nalishi ochildi. Mazkur yo‘nalishda aviatsiya va kosmik sohalarda ishlash uchun mutaxassislar tayyorlanadi.
08 Oct, 2025