“Uzbekistan Airports” kompaniyasi xodimlari aviatsiya tibbiyotiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etdi
Belarus davlat aviatsiya akademiyasida O‘zbekiston, Belarus, Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan tashrif buyurgan qariyb 70 nafardan ortiq mutaxassislar uchrashdi. Unda ekspertlar Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasining Muvofiqlashtirish-maslahat aviatsiya tibbiy kengashining faoliyatida ishtirok etdilar.
Xalqaro doiradagi uchrashuvda aviatsiyaning tibbiy va sanitariya-epidemiologik ta’minoti, aviatsiya xodimlarining shifokorlik ekspertizasini takomillashtirish, mehnatni muhofaza qilish va soha xodimlarining sog‘ligini saqlash masalalari muhokama qilindi.
“Bu kabi uchrashuvlar bizga tajriba almashishga va aviatsiya xodimlarining xavfsizligi hamda sog‘ligini birgalikda yaxshilashga yordam beradi. Bu juda muhim, chunki aviatsiya xodimlarining sog‘ligi parvozlarning xavfsizligi va inson hayoti bilan bevosita bog‘liq sohadir,” — deydi “Uzbekistan Airports” AJ tibbiy ta’minotni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sevara Salixova.
Anjuman doirasida “Parvoz xavfsizligini ta’minlash sohasidagi zamonaviy tendensiyalar va texnologiyalar” mavzusida maxsus sho‘ba yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu sayyor tadbirda ishtirokchilarga o‘quv-laboratoriya bazasi namoyish qilindi, shuningdek, xavfli toifasiga kiruvchi yuk bilan havo transportida favqulodda-qutqaruv ishlarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Uch kunlik forum aviatsiya tibbiyotini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lgani ishtirokchilar tomonidan e’tirof etildi.
13 Oct, 2025