Toshkentda yuk aviatashuvlarini nazorat qilish va xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi
Aviayuklar bojxona postida bojxona xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Giyohvandlik vositalari va jinoyatchilik boshqarmasi hamda Yo‘lovchilar va yuk tashuvlarini nazorat qilish bo‘yicha Global dasturining loyihasi doirasida tashkil etildi.
Seminarda “Uzbekistan Airports” AJ Аviatsiya xavfsizligi va rejim boshqarmasi hamda “Uzbekistan Airport Cargo” MChJ xodimlari ishtirok etdi. Bu esa o‘z navbatida, yuk aviatashuvlarining xavfsizligini ta’minlashda idoralararo hamkorlikning muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuvda Jahon bojxona tashkilotining xalqaro eksperti Karamjit Bolina ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ekspert xalqaro aviayuk tashuvlar sohasidagi zamonaviy tahdidlar bilan bog‘liq bir qator dolzarb masalalarni yoritdi. Xususan, bugungi kunda logistika yo‘nalishlaridagi o‘zgarishlar, tashuvlardagi xavflarni aniqlash usullari va idoralararo vazifalarni samarali taqsimlash tamoyillari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Yuklarni yuqori xavf darajasi bo‘yicha aniqlash, ularni tahlil qilish va olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llashga alohida e’tibor qaratildi.
«Seminar doirasida aeroportlardagi yuk tashuvlari bilan bog‘liq xavflarni boshqarish va sohada jinoyatchiliklarni oldini olish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish usullarini batafsil o‘rganib chiqdik. Bizga jahon amaliyotida keng qo‘llaniladigan va aynan shunday vazifalar uchun ishlab chiqilgan samarali yechimlar (qurilmalar) taqdim etildi», — deya ta’kidladi UzCargo vakillari.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari xalqaro qonunchilik bo‘yicha malakalarini oshirish va bilimlarini chuqurlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Suhbat chog‘ida, aviayuk tashishlari, yuklarni tasniflash va spetsifikatsiyalash, kuzatuv hujjatlarini tahlil qilish, aviakonteynerlarda tovarlarni yashirish usullari, xavflarni baholash, giyohvand vositalarni tashish kabi va boshqa dolzarb mavzular tahlil qilindi.
14 Oct, 2025