Navoiy xalqaro aeroportida favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha keng ko‘lamli mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi
Navoiy xalqaro aeroportida keng qamrovli qidiruv-qutqaruv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Tadbir favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun shaxsiy tarkib va texnikaning tayyorgarligini tekshirish maqsadida tashkil etildi.
Ssenariyga ko‘ra, yo‘lovchi samolyoti qo‘nish vaqtida boshqaruv minorasi bilan aloqani uzgan va aerodromdan 14 kilometr uzoqlikda qulagan. Hodisa oqibatida yong‘in kelib chiqqan va yo‘lovchilar turli darajadagi jarohatlar olgan.
Aeroportning qidiruv-qutqaruv bo‘linmalari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmatiga qarashli hududiy idoralarning shaxsiy tarkibi zudlik bilan hodisa joyiga jo‘nagan. Mashg‘ulotlarda 22 ta ixtisoslashtirilgan texnika, 175 nafar favqulodda xizmat xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Harbiy havo kuchlarining Mi-171 qidiruv-qutqaruv vertolyoti ekipaji ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlarda favqulodda vaziyatlar xizmatlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirish, yong‘inni o‘chirish, evakuatsiya va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yaradorlarni tibbiyot muassasalariga yetkazish, halokatga uchragan havo kemasidan xavfli yuklarni xavfsiz olib chiqish bo‘yicha mashqlar bajarildi.
Tadbir yakunida barcha idoralarning muvofiqlashtirilgan harakatlari yuqori baholandi. Mashg‘ulotlar aeroport xodimlari va favqulodda vaziyatlar xizmatlarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga yuqori darajada tayyorligini tasdiqladi.
22 Oct, 2025